Dollar 20 so‘mga tushdi: Markaziy bank 3-noyabr kursini e’lon qildi

3-noyabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 005,09 so‘m (-20,13 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Dollarning so‘nggi besh kunlikdagi o‘zgarishi
So‘nggi besh kun ichida dollar kursida pasayish ustun bo‘ldi. 27-oktabr kuni dollar 12 117,35 so‘mga (-11,98 so‘m), 28-oktabr kuni 12 053,46 so‘mga (-63,89 so‘m), 29-oktabr kuni 12 004,47 so‘mga (-48,99 so‘m), 30-oktabr kuni esa 11 990,53 so‘m (-13,94 so‘m)ga tenglashdi. 31-oktabr kuni AQSh valyutasi 12 025,22 so‘m (+34,69 so‘m) bo‘ldi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 71,41 so‘mga tushib, 13 898,29 so‘mni, rubl esa 0,80 so‘mga tushib, 148,56 so‘mni tashkil qildi.
Markaziy bank milliy valyutaning mustahkamlanishini qanday izohlaydi?

Yanvar – sentabr oylarida so‘mning qadri 6,5 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov OAV vakillari bilan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
2025-yilning aprel oyidan boshlab milliy valyuta almashuv kursida mustahkamlanish tendensiyasi bilan birgalikda uning tebranishlar darajasining oshishi kuzatilmoqda.
Joriy yilning boshidan sentabr oyigacha O‘zbekistonga kirib kelayotgan valyuta oqimlarida oshish kuzatilgan. Jumladan, eksport tushumlari 18 foizga oshib $19 mlrdga yetdi. Shuningdek, banklar tomonidan xorijiy valyutaga kreditlar hisobidan ichki bozorga $6,3 mlrdlik mablag‘lar sotildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘proq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri 31-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilingani haqida yozgan edi.
