
Xitoyning Dongfeng Forthing kompaniyasi yangi Xinghai S7 (2026) elektromobilini rasman taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Yangilangan model to‘rtta komplektatsiyada sotuvga chiqdi, narxlar 119 900 – 149 900 yuan (taxminan $16 800 – $21 000) oralig‘ida belgilangan.
Yangi S7 modeli dizayn jihatidan o‘z uslubini saqlab qolgan. U muhim texnologik yangilik bilan ajralib turadi. Bu tizim avtomobilga 650 km elektr yurish masofasini ta’minlaydi va atigi 14 daqiqada 320 km masofaga yetadigan zaryadni to‘ldira oladi.

Tashqi ko‘rinishda avtomobil 7-shaklli LED yoritgichlari, aerodinamik kupe uslubidagi tom qismi va 0,191 Cd past havo qarshilik koeffitsienti bilan ajralib turadi. O‘lchamlari 4935×1915×1495 mm. G‘ildirak bazasi esa 2915 mm. Model orqa eshikli liftbek dizaynga ega bo‘lib, yuk joyi 496 litrdan 1293 litrgacha kengayadi.
Salon ikki ekranli tizim bilan jihozlangan. 8,8 dyuymli asboblar paneli va 15,6 dyuymli markaziy sensorli ekran. Ichki boshqaruv Xinghai OS tizimi orqali amalga oshiriladi. U ovozli buyruqlar, smartfon ulanmasi va mobil ilova orqali masofadan boshqaruv funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi «Cloud Brocade» o‘rindiqlari va Xinghai Pilot haydovchiga yordam tizimi esa L2 darajadagi avtopilot imkonini beradi.

Texnik jihatdan barcha versiyalar to‘liq elektr harakatlanish tizimiga ega. 565 versiyasi 160 kVt (215 ot kuchi) quvvatga ega motor va 59,4 kVt·soatli LFP batareyani ishlatadi, bu 565 km yurish masofasini ta’minlaydi. 800V Ultra Fast 650 versiyasi esa 230 kVt (308 ot kuchi) motor, 68,2 kVt/soatli batareya bilan jihozlangan va 0 dan 100 km/soatgacha 5,9 soniyada tezlashadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi BYD Racco elektromobilining saloni rasman ko‘rsatilgani haqida yozgan edi.
