Yangiliklar

Golden House’ga qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

Mazkur qaror ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Tanqid uchun jarima undirilishi qonuniymi?» degan murojaatdan keyin qabul qilindi
«Golden House»ga qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi
«Golden House»ga qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Raqobat qo‘mitasi «Golden House Property Group» MChJga iste’molchilar huquqlarini cheklovchi shartlar bo‘yicha qonunbuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

Mazkur qaror ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Tanqid uchun jarima undirilishi qonuniymi?» degan murojaatdan keyin qabul qilindi. Unda iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa yoki kompaniya faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat qilsa, qurilish tashkiloti shartnoma qiymatining 10 foizini jarima sifatida ushlab qolishi haqida so‘z yuritilgan.

Qo‘mita o‘rganishlarida Golden House bilan tuzilgan shartnomalarda bunday bandlar mavjudligi aniqlanib, ular iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlar sifatida baholandi.

Natijada kompaniyaga «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga amal qilib, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish ko‘rsatmasi berildi.

Avvalroq Jizzaxda litsenziya talablarini buzgan qurilish korxonasi faoliyati to‘xtatilgandi. Tekshiruvlar davomida korxona Jizzax shahridagi Kimyogar mahallasida joylashgan olti qavatli turarjoy binosining loyiha hujjatlarini shaharsozlik qoidalariga zid tarzda tayyorlagani aniqlangan.