
Kuz kechalarida iliq, yengil va to‘yimli taom istasangiz – baliq (iloji boricha yog‘siz) sho‘rva eng yaxshi tanlov bo‘ladi. Bu taom rus va markaziy Osiyo oshxonasida qadimdan mashhur bo‘lib, sovuq havoda tanani isitadi va organizmga quvvat beradi. Kursiv Uzbekistan bugungi kechki ovqat uchun baliqli sho‘rva tayyorlashda yordamlashadi.
| Masalliqlar (4-5 kishi uchun) | Miqdori | 
|---|---|
| Baliq (yog‘sizroq turi) | 700 – 800 g | 
| Kartoshka | 4-5 dona | 
| Sabzi | 2 dona | 
| Piyoz | 1 dona | 
| Pomidor | 1 dona | 
| Lavr yaprog‘i | 2 dona (ixtiyoriy) | 
| Qora murch donalari | 5-6 dona | 
| Tuz | Ta’bga ko‘ra | 
| Ko‘katlar (ukrop, petrushka, kashnich) | Bezash uchun | 
| Suv | 2-2,5 litr | 
Tayyorlash bosqichlari
Avvalo baliqni yaxshilab tozalang – ichini, tangachalarini, suyaklarini tozalab, yuvib oling. Agar katta baliq bo‘lsa, uni 4-5 bo‘lakka bo‘ling. Qozonga 2,5 litr toza suv quyib, baliq boshini va suyakli qismlarini soling. Bular sho‘rvaga lazzat beruvchi asosiy qism hisoblanadi. Past olovda qaynab chiqquncha pishiring, yuzaga chiqqan ko‘piklarni ehtiyotlik bilan olib tashlang.
Sabzavotlarni solish
Baliq suyaklari yumshab, suvi tiniqlashganidan so‘ng, ularni qozondan olib tashlang. Endi suvi tiniq bulonga aylanadi – bu sho‘rvaning asosi. Shu bulyonga to‘g‘ralgan sabzi, kartoshka va butun piyozni qo‘shing. Ular yumshaguncha, taxminan 20 – 25 daqiqa davomida past olovda qaynatiladi.
Keyin baliq qismlarini sho‘rvaga qaytadan soling, lavr yaprog‘i, murch donalari va tuz qo‘shing. Agar xushbo‘y ta’m istasangiz, bu bosqichda ozgina pomidor bo‘laklari ham qo‘shish mumkin. Sho‘rva yana 10 – 15 daqiqa davomida pishiriladi.
Bezatish va dasturxonga tortish
Tayyor bo‘lgan sho‘rva bir necha daqiqa tindirilgach, idishlarga suziladi. Har bir porsiyaga baliq go‘shti va sabzavotlardan solinadi, ustiga esa mayda to‘g‘ralgan ukrop yoki petrushka sepiladi.
Bunday sho‘rva kuz va qish mavsumida immunitetni mustahkamlaydi, organizmni oqsil bilan boyitadi va sovuq kunlarda issiq taom sifatida kechki ovqat uchun ayni muddao hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dimlamaning tayyorlanish jarayoni haqida ma’lumot bergandi.
