
«Yuventus» klubi rasman Italiya terma jamoasining sobiq ustozi Luchano Spalettini yangi bosh murabbiy sifatida taqdim etdi. 66 yoshli mutaxassis klub bilan 2026-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi.
Spalletti tajribali murabbiylardan biri bo‘lib, u faoliyati davomida «Roma», «Zenit», «Inter» kabi yirik jamoalarda ishlagan, 2022/23-yilgi mavsumda esa «Napoli»ni 33 yildan so‘ng Italiya chempioniga aylantirgan.

Turin klubi Spallettini Igor Tudor o‘rniga tayinladi. Tudor 2025-yil mart oyida «Yuventus» bosh murabbiyi bo‘lgan, ammo uning davrida jamoa kutilgan natijalarni qayd eta olmadi. «Keksa sinyora»ning so‘nggi o‘yinlarda samaradorligi pasaydi va o‘yin sifati tushdi. Shuningdek, sport direktori bilan strategik kelishmovchiliklar ham Tudor iste’fosiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
«Yuventus» rahbariyati Spallettining kelishi bilan jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonmoqda. Klub hozirda A Seriya turnir jadvalining 7-pog‘onasida joylashgan bo‘lib, yangi murabbiydan chempionlik poygasiga qaytishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yuventus» Yevropa chempionlar ligasida mag‘lubiyatga uchragani haqida xabar bergan edi.
 
                                                             
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                    