O‘zbekistonda tug‘ilish soni 2021-yildan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi

2025-yilning yanvar – sentabr oylarida qayd etilgan tugʻilganlar soni 664,6 mingni, har ming aholiga nisbatan tugʻilish koeffitsiyenti 23,5 promilleni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2021-yildan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.
 
Jinslar bo‘yicha taqsimotga ko‘ra, o‘g‘il bolalar – 343,6 ming (51,7%), qiz bolalar – 321 mingni (48,3%) tashkil etdi. Hududlar kesimida shahar joylarda 319,3 ming (48%), qishloq joylarda esa 345,3 ming (52%) bola tug‘ilgan.
Respublikada joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida vafot etganlar soni 132,2 ming kishini, shundan erkaklar 72,7 ming (55%), ayollar 59,5 mingni (45%) tashkil etdi. Hududlar kesimida shahar joylarida 71,8 ming (54,3%), qishloq joylarida 60,4 ming kishi (45,7%) vafot etgan.
Avvalroq 2025-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda 177 mingta nikoh qayd etilgani xabar qilingandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 foizga kam (179,4 mingta). Shu bilan birga, ajrimlar soni 34 mingdan 35,4 mingtagacha oshgan, ya’ni 4,1 foizga ko‘paygan.
