O‘zbekistonlik talabalar Huawei’ning Xitoydagi ta’lim dasturida qatnashdi

O‘zbekistonning olti oliygohidan o‘n nafar talaba Xitoyda o‘tkazilgan Huawei kompaniyasining Seeds for the Future 2025 dasturida ishtirok etdi. Ular Dunguan va Shenjjen shaharlarida zamonaviy AKT bo‘yicha intensiv kurslarda qatnashib, 19 davlatdan kelgan talabalar bilan tajriba almashdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Dastur 19 – 22-oktabr kunlari Huawei’ning Dunguan shahridagi trening markazida bo‘lib o‘tdi. Talabalar sun’iy intellekt, bulut texnologiyalari va 5G-6G tarmoqlari rivoji haqida mahorat darslarida qatnashdi. Mashg‘ulotlar interaktiv tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilar nazariy bilimni amaliy topshiriqlar bilan mustahkamlashdi.
Turin politexnika universiteti talabasi Faxriya Dosmuhamedova Huawei’dagi treninglardan katta taassurot olganini aytib, bu safar uni 5G texnologiyalarini qurilish sohasiga qo‘llash yo‘nalishida tadqiqot qilishga ilhomlantirganini bildirdi.






Foto: Huawei
Keyingi bosqich Shenjjen shahrida o‘tib, talabalarga Huawei’ning raqamli energetika, elektromobillar va aqlli qurilmalar yo‘nalishidagi ishlanmalari tanishtirildi. Ular, shuningdek, DJI va Tencent kompaniyalarida ham bo‘lishdi.
TATU talabasi Dilmurod Murodov Huawei’ning sun’iy intellekt va bulutli hisoblash texnologiyalariga oid bilimlarini chuqurlashtirganini aytib, endi HCIA kurslarini o‘qish va ICT Competition tanlovida ishtirok etish niyatida ekanini ma’lum qildi.





Foto: Huawei
Dastur Global Village madaniy kechasi va yopilish marosimi bilan yakunlandi. Inha universiteti talabasi Mirvohid Azimov Huawei’ning texnologik salohiyatidan hayratda qolganini va bu safar uni O‘zbekiston AKT sohasini rivojlantirishga undaganini aytdi.
«So‘nggi 11 yil ichida 177 nafar o‘zbekistonlik talaba Huawei dasturlarida qatnashgan. 2025-yilda esa Seeds for the Future 93 mamlakatdan 703 talabani birlashtirdi”, – deyiladi kompaniya ma’lumotida.
Shu bilan birga, Huawei hozirda O‘zbekiston talabalari uchun ICT Competition 2025-2026 tanloviga ro‘yxatdan o‘tishni davom ettirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei Mate 70 Air smartfonining asosiy xususiyatlar oshkor bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
