Qohirada 20 yillik qurilishdan so‘ng 1 mlrd dollarlik muzey ochiladi

Shanba kuni Qohira yaqinida qurilishi 20 yil davom etgan va qiymati $1 mlrd bo‘lgan Katta Misr muzeyi rasman ochiladi. Majmua sivilizatsiyaga bag‘ishlangan dunyodagi eng yirik arxeologik obyekt sifatida taqdim etilmoqda.
Giza ehromlaridan atigi 1,5 kilometr uzoqlikda joylashgan muzey 470 ming kvadrat metr maydonni egallaydi. Qurilish 2005-yilda boshlangan bo‘lib, loyihaning ayrim qismlari 2024-yilda ochilgan. Muzeyda 50 mingdan ortiq eksponatlar, jumladan, 3200 yillik, 83 tonna og‘irlikdagi Ramses II haykali va 4500 yillik Xufu fir’avniga tegishli qayiq namoyish etiladi.
Muzeyda 24 ming kvadrat metrli doimiy ekspozitsiya, bolalar muzeyi, konferensiya zallari, o‘quv markazlari, tijorat zonasi va restavratsiya markazi mavjud. 12 ta asosiy galereyada Misr tarixi Rim davrigacha bo‘lgan artefaktlar davrlar va mavzular bo‘yicha guruhlab joylashtirilgan.

Ko‘plab ashyolar ilgari Qohiraning Tahrir maydonidagi Eski Misr muzeyidan ko‘chirilgan, ayrimlari esa yaqinda Sakkara nekropolida topilgan. Muzey direktori Ahmad Guneimning so‘zlariga ko‘ra, zallarda ilg‘or texnologiyalar va aralash reallikdagi taqdimotlar yordamida abadiy meros XXI asr ijodi bilan uyg‘unlashtirilgan.
Ochilish marosimi bir necha bor kechiktirilgan, so‘nggisi 2025-yil iyulida Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli. Marosimda Misr prezidenti Abdulfattoh el-Sisi va xorijiy davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Muzey mamlakat iqtisodiyotining turizmga tayanadigan sohasiga yangi turtki berishi, kuniga 15 – 20 ming mehmonni qabul qilishi rejalashtirilgan.
Misr hukumati 2032-yilgacha mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini ikki baravar oshirishni maqsad qilgan. Misr turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri Sherif Fathi muzeyni Misrning butun dunyoga sovg‘asi deb atadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Misrda Bortida 220 nafar sayyoh bo‘lgan kema butunlay yonib ketgani haqida xabar bergan edi.
