
Samsung Galaxy S26 seriyasini Bluetooth 6.1 texnologiyasi bilan jihozlashga tayyorlanmoqda. Bu yangilik bilan u ushbu standartni qo‘llovchi birinchi smartfon bo‘lishi mumkin.
Bluetooth SIG ma’lumotlar bazasida paydo bo‘lgan yangi Exynos S6568 chipi ushbu funksiyani ta’minlaydi. U Exynos 2600 protsessori bilan birgalikda ishlaydi. Tizim Bluetooth 6.1 hamda Wi-Fi qo‘llab-quvvatlaydi. Bu chip aynan Galaxy S26 seriyasi uchun ishlab chiqilganini ko‘rsatadi.
Bluetooth 6.1 avvalgi versiyalarga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. U barqarorroq ulanish, uzoqroq masofada ishlash va energiya sarfini kamaytirish imkonini beradi. Bu ayniqsa, naushniklar, aqlli soatlar va smart-uy qurilmalari bilan ishlaganda muhim ahamiyat kasb etadi.

Manbalarga ko‘ra, yangi texnologiya ulanish xavfsizligini ham oshiradi, bu esa ma’lumot uzatishda himoyani mustahkamlaydi. Shu bilan birga, Snapdragon 8 Elite Gen 5 asosidagi Galaxy S26 versiyalari bu funksiyani qo‘llaydimi, hozircha noma’lum, chunki ushbu chip faqat Bluetooth 6.0ni qo‘llab-quvvatlaydi.
Android Headlines xabariga ko‘ra, alohida S6568 moduli ishlatilishi asosiy protsessor yuklamasini kamaytiradi, bu esa energiya samaradorligi va issiqlik nazoratini yaxshilaydi.
Galaxy S26 seriyasining taqdimoti odatdagi yanvar emas, balki 2026-yil mart oyida bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, Bluetooth 6.1 qo‘llovi Samsung‘ga raqobat ustunligi beradi, ayniqsa, aqlli gadjetlar va simsiz aksessuarlar bozori tez o‘sayotgan bir paytda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreyada Samsung Galaxy S25+ o‘z-o‘zidan yonib ketgani haqida yozgan edi.
 
                                                             
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                    