Temiryo‘l va aviatsiya xizmatlari tannarxi kamida 20 foizga pasaytiriladi

eʼlon qilindi
Prezident topshirig‘i bilan
Foto: Uzbekistan Airways

Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston temiryo‘llari», Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalariga yil boshidagi xizmat tannarxini kamida 20 foizgacha kamaytirish vazifasini topshirdi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Xarajatlarni kamida 20 foizga optimallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Shu bilan birga, ushbu korxonalar 2026-yil uchun ham xarajatlarni kamaytirish vazifalarini belgilaydi. Bir hafta ichida bu borada alohida qaror qabul qilinadi», – dedi Mahkamov.

Uning ta’kidlashicha, korxonalarning transformatsiyasi davom ettiriladi, ularni yirik xalqaro reytinglarga kiritish hamda xarid jarayonlarini alohida auditdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ilhom Mahkamov transport sohasidagi yashirin iqtisodiyot masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, o‘z-o‘zini band qilgan shaxslar uchun taksi xizmatini qonuniy amalga oshirishga ruxsat berilishi ijobiy natija bergan.

«Xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi korxonalar o‘z aylanma mablag‘larini rasmiy hisob raqamlarida ko‘rsatmoqda – bu ijobiy natija. Ammo ichki yuk tashuvlarida bu tizim to‘liq ishlamayapti va bu holat yashirin iqtisodiyotning bir ko‘rinishi bo‘lib qolmoqda. Raqamlashtirish va hisobot tizimini yo‘lga qo‘yish orqali bu sohani ‘soya’dan chiqarish imkoniyati yaratiladi», – dedi transport vaziri.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzbekistan Airways yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek