Toshkentda isitish mavsumi 3-noyabrdan boshlanishi mumkin

Toshkentda 2025 – 2026-yilgi isitish mavsumi kelasi hafta boshida boshlanishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga 3-noyabrdan boshlab sovuq va nam havo massalari kirib keladi. Ayrim hududlarda yomg‘ir qorga aylanadi, kechalari esa havo harorati 0 – 3 darajagacha pasayadi.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi qaroriga muvofiq, isitish mavsumi tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati besh kun davomida 8 darajadan past bo‘lganda boshlanadi. Shu asosda Toshkent shahar hokimligi issiqlik ta’minotini yoqish muddatini belgilashi lozim.
O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, 3 – 5-noyabr kunlari ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda esa qorga aylanadi. 4 – 6-noyabr oralig‘ida havo harorati kunduz kunlari 8–13 daraja, kechalari esa 0–3 darajani tashkil etadi. Poytaxtdagi issiqlik tarmoqlari operatori Veolia Energy Tashkent hozircha isitish mavsumining boshlanish sanasi haqida rasmiy ma’lumotga ega emasligini bildirdi.
Shuningdek, Energetika vazirligi noyabrdan fevralgacha bo‘lgan isitish davrida imtiyozli tarif amal qiladigan tabiiy gaz iste’molining ijtimoiy normasini oyiga 100 kub metrdan 500 kub metrgacha oshirilishini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov isitish mavsumini 7-noyabrda boshlash bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shundan so‘ng, Veolia Energy Tashkent hokim qarori bilan tasdiqlangan jadval asosida issiqlik ta’minotini yo‘lga qo‘ydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda issiqlik ta’minoti uchun yangi tariflar 12-noyabrdan joriy etilishi haqida xabar bergan edi.
