
UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Damas modellarini taqdim etishini ma’lum qilgan edi. Kursiv Uzbekistan muxbiri tomonidan avtomobillarning tasvirlari suratga olindi. Model Made in Uzbekistan ko‘rgasmasi doirasida yangilangan Cobalt yonida namoyish etildi.
Model haqida qisqacha

N400 Max 1,5 litrli DOHC, 16 klapanli, to‘rt silindrli dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, u 103 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi. Avtomobilning maksimal yuk ko‘tarish hajmi 720 kilogramm, yuk joyi esa 3,1 kub metrni tashkil etadi. Shu tufayli u oziq-ovqat yetkazib berish, texnik xizmat ko‘rsatish yoki kichik logistika kompaniyalari uchun eng mos variantlardan biri sifatida qaralmoqda.

Modelning g‘ildiraklar oralig‘i 2850 mm, umumiy uzunligi esa 4425 mm bo‘lib, u tor ko‘chalarda ham qulay boshqaruvni ta’minlaydi. Biroq ixcham ko‘rinishiga qaramay, N400 Max ichki qismi keng va funksional tarzda ishlab chiqilgan. Salon ergonomik uslubda yaratilgan bo‘lib, rul boshqaruvi qulay, asboblar paneli esa oddiy, ammo amaliy.
UzAuto Motors’ning modellarni yangilash siyosati

Kompaniya 13-oktabr kuni muhim qaror bilan chiqdi. Unga ko‘ra, yangi Chevrolet Damas minivenlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi model avvalgilariga qaraganda yanada ixcham, tejamkor va sig‘imdor bo‘ladi. U nafaqat shahar ichidagi kundalik harakatlar uchun, balki tijoriy faoliyatda foydalanish uchun ham qulay variantdir.

Yangi avlod Damas avtomobillari o‘lchamlarining kattalashgani, yuk ko‘tarish qobiliyatining oshgani va ichki joy sig‘imining kengaygani bilan ajralib turadi. Shuningdek, haydovchi va yo‘lovchilar uchun qulaylik darajasi sezilarli darajada yaxshilangan.
Model ikki versiyada taqdim etiladi. Chevrolet Damas Move — yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan. Chevrolet Damas Max esa yuk va yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan aralash versiya bo‘ladi.

Yangi Damas modeli hozirda ishlab chiqarilayotgan joriy versiya bilan bir vaqtda ishlab chiqiladi. Bu esa xaridorlarga sinovdan o‘tgan klassik model yoki zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan yangi avlod avtomobili o‘rtasida tanlov imkoniyatini beradi.
Narxlar va modelning O‘zbekistondagi versiyasi qanday texnik imkoniyatlarga bo‘lishi haqida ma’lumotlar mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Cobalt avtosalonlarga kelgani haqida yozgan edi.
 
                                                             
                                                             
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                    