Bekobod tumanida noqonuniy yog‘ ishlab chiqarish sexi fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Bekobod tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Yoshlik mahallasidagi xonadonda qo‘lbola usulda chigit yog‘i ishlab chiqargan shaxs faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda departament matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tekshiruvda 1 200 litr iste’molga yaroqsiz yog‘, 1 200 kilogramm chigit, moyjavoz uskunasi va boshqa ishlab chiqarish anjomlari daliliy ashyolar sifatida olib qo‘yildi. Aniqlanishicha, mahsulot bozorlarga sotish uchun tayyorlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 30 milliard so‘mlik qalbaki dori ishlab chiqarish sexi fosh etilgan edi.