
Karib dengizida yuz bergan kuchli «Melissa» to‘foni Yamayka, Kuba va Gaitida og‘ir talafotlar keltirib, kamida 50 kishining o‘limiga, minglab aholining esa uy-joysiz qolishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Yamaykada «Melissa» tarixda birinchi marta orolni to‘g‘ridan to‘g‘ri urgan eng kuchli bo‘ron sifatida qayd etildi. 19 kishi halok bo‘lgan, 460 mingdan ortiq aholi elektr energiyasiz qolgan. Hukumat favqulodda oziq-ovqat va tibbiy yordamni yo‘lga qo‘ygan.

Gaitida esa toshqinlar va sel oqibatida 31 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Janubdagi Petit-Goave shahrida daryo toshib, ko‘plab uylar vayron bo‘lgan. Rasmiylar, shuningdek, 2022-yilda qayta paydo bo‘lgan xolera kasalligi tarqalish xavfidan ogohlantirmoqda.
Kuba hududiga 3-toifa dovul sifatida kirgan «Melissa» uylar, yo‘llar va qishloq xo‘jaligi yerlari uchun katta zarar keltirgan. Minglab aholi, jumladan, Santyago-de-Kuba atrofidagi tumanlar evakuatsiya qilingan.

Mutaxassislar «Melissa»ni Karib dengizida kuzatilgan eng kuchli va eng sekin harakatlanuvchi bo‘ronlardan biri sifatida baholamoqda. Ular issiq okean suvlari va issiqxona gazlari chiqindilari natijasida dovullar soni hamda kuchi tobora oshib borayotganini ta’kidlashmoqda.
Hozirda «Melissa» zaiflashgan holda post-tropik siklonga aylangan va Islandiya hamda Farer orollari tomonga yo‘l olmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Yamayka hukumati 27-oktabr kuni «Melissa» to‘foni sababli favqulodda holat e’lon qilgan edi.