Toshkentda yer usti halqa metro liniyasi to‘liq ishga tushirildi

1-noyabr tongidan boshlab Toshkent metropolitenining yer usti halqa yo‘li to‘liq faoliyatini boshladi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Endilikda poytaxt aholisi va mehmonlari halqa yo‘nalishi bo‘ylab qulay harakatlana oladi. Liniya bo‘ylab 12 ta zamonaviy metro tarkibi har 7 daqiqada qatnaydi. Bu esa yo‘lovchilar uchun tez, xavfsiz va qulay transport tizimini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, «Texnopark – Qipchoq» yer usti halqa yo‘lining «Quruvchilar» va «Yangiobod» bekatlari orasida metro harakati 2025-yil 28-iyundan uch oyga to‘xtatilgan edi. Shu davrda «Qipchoq – Yangiobod – Qipchoq» yo‘nalishida bepul metrobuslar qatnadi.
Shuningdek, yer usti metro yo‘nalishi qurilishi davomida bir qator kamchilik va xatoliklar ham aniqlangan edi. Bosh prokuratura qurilish ishlarini joyiga chiqib tekshirdi va mas’ullarga ularni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkent xalqaro aeroportiga metro liniyasi tortilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.