Tramp AQShda yadro qurollari sinovlarini qayta boshlashni buyurdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning yadro sinovlariga doir bayonotidan so‘ng, mamlakatda yadro qurollari sinovlarini qayta boshlash to‘g‘risida buyruq berdi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
«Boshqa davlatlar sinov o‘tkazayotgan ekan, biz ham o‘z qudratimizni sinab ko‘ramiz. Jarayon tez orada boshlanadi», – deb yozdi u Truth Social’dagi postida.
Trampning bu qarori 1992-yildan beri davom etayotgan AQShning yadro sinovlari moratoriysini buzishi mumkin. So‘nggi marta AQShda Nevada poligonida yadro sinovi o‘tkazilgan edi. Shundan buyon barcha sinovlar kompyuter modellari orqali amalga oshirilib kelmoqda.
Agar sinovlar qayta boshlansa, bu Butunjahon yadro sinovlarini taqiqlash shartnomasiga zid bo‘ladi. AQSh shartnomani imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan. Shu sababli bu qaror xalqaro siyosiy bosim va keskinlikni kuchaytirishi mumkin.
Tramp ilgari ham yadro siyosatini kuchaytirish tarafdori bo‘lgan. Uning birinchi prezidentlik davrida (2017 – 2021) Yadro kuchlarini modernizatsiya qilish dasturiga $1,2 trlnlik byudjet ajratilgan. U bu orqali AQShning harbiy ustunligini saqlab qolishni maqsad qilgan edi.
Hozircha Pentagon bu borada rasmiy bayonot bermagan. Ammo Energetika vazirligi vakillari sinovlar joylashgan Nevada Test Sites hududida tayyorgarlik ishlari boshlanishi mumkinligini tasdiqladi. Shu tariqa, AQSh 30 yildan so‘ng ilk bor real yadro sinovini o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreyaga yadro energiyasi bilan harakatlanuvchi suv osti kemasi qurishga ruxsat bergan edi.