
Omdia tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Samsung smartfonlar bozorida qatorasiga ikkinchi yil yetakchilikni saqlab qoldi.
Raqobat kuchayganiga qaramay, Janubiy Koreya kompaniyasi 2025-yilning uchinchi choragida global yetkazib berishni 57,5 milliondan 60,6 million donagacha oshirdi, bu esa 6 foizlik o‘sishni anglatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kompaniyaning muvaffaqiyatida Galaxy Z Fold 7 va boshqa buklama modellar sotuvi muhim rol o‘ynagan.
Apple ham o‘sish ko‘rsatkichini qayd etib, sotuvi 4 foizga oshganini ma’lum qildi. Kompaniya 18 foizlik bozor ulushi bilan ikkinchi o‘rinda qoldi. Samsung esa 19 foizlik ulush bilan yetakchiligini saqlab turibdi. Bu ketma-ket ikkinchi yil bo‘lib, kompaniya 2024-yildagi yuksalishdan so‘ng peshqadamlikni davom ettirmoqda.
Umuman olganda, smartfonlar bozorining umumiy ulushi sezilarli o‘zgarishsiz qoldi. Uchinchi o‘rinni Xiaomi (14 foiz), to‘rtinchi o‘rinni Transsion (Tecno va Infinix brendlari bilan, 9 foiz), beshinchi o‘rinni esa Vivo (9 foiz) egalladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 birinchi bo‘lib Bluetooth 6.1 texnologiyasini qo‘llashi haqida xabar bergan edi.