O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,8 foizgacha pasaydi

O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 2025-yil oktabr oyida 7,8 foizni tashkil etdi. Bu 2017-yildan buyon qayd etilgan eng past daraja bo‘lib, Markaziy bankning yil yakuniga mo‘ljallangan 8 foizlik prognozidan ham past.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, oylik inflyatsiya 0,6 foiz bo‘lib, sentabr oyidagi ko‘rsatkich bilan bir xil darajada qoldi. 2024-yil oktabrida bu ko‘rsatkich 0,8 foizni tashkil etgan edi.
Joriy yilning dastlabki o‘n oyida narxlar o‘sishi 5,7 foizni tashkil qildi — bu o‘tgan yilga nisbatan 2 foiz bandga kam.
Oktabr oyida mahsulotlar 0,9 foizga, xizmatlar esa 0,4 foizga qimmatlashdi. Yil boshidan buyon oziq-ovqat narxlari 5,9 foizga, sanoat tovarlari 5,8 foizga, xizmatlar esa 14,4 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Andijon viloyatida — 0,9 foiz, eng past ko‘rsatkich esa Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘istonda — 0,5 foiz bo‘ldi.
Yillik hisobda eng katta narx o‘sishi Farg‘ona viloyatida (8,6 foiz), eng past ko‘rsatkich esa Jizzax viloyatida (7,1 foiz) qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan So‘m dollarga nisbatan yil boshidan beri 7 foizga mustahkamlangani haqida xabar bergan edi.