O‘zbekistonda AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi

Prezidentning PF–203-sonli farmoniga ko‘ra, AQSh fuqarolari O‘zbekiston hududiga kirgan kundan boshlab 30 kungacha vizasiz bo‘lib turish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda O‘ZA ma’lum qildi.
TIV taqdim etgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston 90 ta davlat fuqarolari uchun turli muddatlarda vizasiz kirish tartibini joriy qilgan. 56 ta davlat fuqarolari elektron kirish vizasi (e-visa) orqali kirish imkoniyatiga ega va 48 ta davlat fuqarolari esa besh kungacha tranzit tarzda vizasiz kirishi mumkin. Shu bilan AQSh O‘zbekistonga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar qatoriga qo‘shildi.
Qo‘shimcha sifatida hozirda AQSh fuqarolari dunyoning 182 dan ortiq davlat va hududlariga vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda kirish imkoniga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi bilan viza tartibotlarini soddalashtirish masalasini muhokama qilgan edi.