AQSh tariflari global ishlab chiqarishga bosim o‘tkazmoqda

AQShda talab kamligi va prezident Donald Tramp joriy etgan tariflar Germaniya, Xitoy hamda boshqa yirik ishlab chiqaruvchilarning buyurtma hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Germaniyada eksportga yo‘naltirilgan sohalarda deyarli tiklanish kuzatilmadi. Fransiyada ishlab chiqarish sust, Italiyada esa ozgina pasaygan bo‘lsa, faqat Ispaniya zavodlari sentabrga nisbatan o‘sish qayd etdi.
«Yevrozona ishlab chiqarish sektori hozircha to‘xtab qolgan holatda. Ichki talab biroz barqaror turgani bilan tashqi buyurtmalar zaif, xususan, AQSh va Fransiyadan kelayotgan talab pastligicha qolmoqda», – dedi Oxford Economics mutaxassisi Paolo Grinyani.
Osiyo mamlakatlarida, jumladan, Xitoy va Janubiy Koreyada ham eksport buyurtmalari kamaygan. Xitoyda ishlab chiqarish faoliyati ketma-ket yettinchi oy pasaygani qayd etilgan.
Capital Economics’ning iqtisodchisi Zichun Xuanga ko‘ra, so‘nggi savdo kelishuvi AQSh va Xitoy o‘rtasidagi bosimni biroz yumshatgan bo‘lsa-da, eksport o‘sishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
O‘tgan hafta Seulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp va Si Szinpin tariflarni bir yilga kechiktirishga kelishgan, biroq bu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi chuqur savdo tafovutlarini bartaraf etishga yetarli emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh sanksiyalaridan so‘ng neft narxi 4 foizdan ko‘proq oshgani haqida xabar bergan edi.