Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya yakunlandi

3-noyabr 2025 13:09 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt
Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

3-noyabr kuni Chevrolet Cobalt avtomobillari xaridi uchun o‘tkazilgan onlayn kontraktatsiya jarayoni yakuniga yetdi. UzAuto Motors ma’lumotiga ko‘ra, jarayon davomida jami 100 mingta shartnoma rasmiylashtirildi.

Shulardan 99 493 tasi jismoniy shaxslar, 507 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan tuzilgan. Barcha jismoniy shaxslar One ID tizimida ro‘yxatdan o‘tgan. Kontraktatsiya davomida kompaniyaning Call-markazi orqali 876 ta murojaat qabul qilinib, ko‘rib chiqilgan.

Jarayon mobaynida UzAutoSavdo onlayn tizimi 560 ta kiberhujumga uchragan, biroq tizim barqaror ishlashda davom etgan.

Kompaniya eslatishicha, onlayn shartnoma tuzgan mijozlar 7 kalendar kun ichida shartnoma shartlariga muvofiq to‘lovni amalga oshirishlari zarur.

Shuningdek, barcha rasmiy shartnomalarda maxsus QR-kod (https://t.me/uzautomotorscom/4025) mavjud bo‘lishi kerak. Bu kod hujjatning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Mazkur QR-kodsiz hujjatlar «UzAuto Motors» AJ va Chevrolet rasmiy dilerlariga aloqador emas.

Kompaniya mijozlardan diqqatli bo‘lishni, shartnoma tuzishdan oldin har doim QR-kodning mavjudligini tekshirishni so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Cobalt uchun bir soat ichida 53 mingdan ortiq shartnomalar rasmiylashtirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek