Davolanishi davlat hisobidan qamrab olinadigan kasalliklar soni o‘ntaga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni orfan kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordamni yaxshilash hamda farmatsevtika sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hozirda 5 turdagi orfan va irsiy kasalliklarga chalingan 2174 nafar bola davlat hisobidan bepul diagnostika va dori vositalari bilan ta’minlanmoqda. 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan dasturga ko‘ra, davolanishi davlat hisobidan qamrab olinadigan kasalliklar soni 10 taga yetkaziladi, yosh chegarasi esa 21 yoshgacha uzaytiriladi. Dasturni amalga oshirish uchun 961 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Farmatsevtika tarmog‘ida qiymati 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 172 million dollarlik eksport amalga oshirildi. 35 ta korxona 205 turdagi dori vositalarini ishlab chiqmoqda, eksport davlatlari soni 55 taga yetgan.
2026-yil 1-yanvardan 2,6 ming turdagi retseptli dorilarning narxi o‘rtacha 40 – 50 foizga arzonlashadi. Dori vositalari xaridini shaffof amalga oshirish uchun «farma.xarid.uz» elektron tizimi joriy etiladi.
Prezident dori vositalarini texnologiya transferi asosida ishlab chiqarish, biotibbiy mahsulotlarni amaliyotga tatbiq qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarini qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev 29-oktabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi.