Farg‘onada chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqariladigan zavod qurilishi boshlandi

Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi doirasida yangi korxona qurilishiga start berildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Nuriddin Mamajonov va Xakimjon Dolimov, shuningdek, xitoylik investorlar hamda mas’ul mutasaddilar ishtirok etishdi.
Prezidentning 2025-yil 24-martdagi qaroriga muvofiq, Farg‘ona viloyatida $141,5 million miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinmoqda. Loyiha doirasida kuniga 1,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 227,5 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zamonaviy uskunalar ishga tushiriladi.
Bu tashabbus chiqindilardan samarali foydalanish va hududda barqaror energiya manbalarini yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘ona vodiysida metan cheklovi sababli ikki ming tonna benzin ajratilgani haqida xabar bergan edi.