
Kuz kechasi nima tomosha qilishni bilmay o‘tirgan bo‘lsangiz, Kursiv Uzbekistan sizga moliya, investitsiya va pul o‘yinining ichki tomonlarini ochib beruvchi – «Uoll-Strit: Pul hech qachon uxlamaydi» (Wall Street: Money never sleeps) filmini tavsiya etadi.
Mazkur film 2010-yilda mashhur rejissyor Oliver Stoun tomonidan suratga olingan bo‘lib, 1987-yilda chiqqan Wall Street filmining davomi.
Filmda asosiy qahramon Gordon Gekko uzoq yillik qamoq jazosidan so‘ng ozodlikka chiqadi va 2008-yilgi global moliyaviy inqiroz davrida yana moliya dunyosiga qaytadi. U o‘zining qizi va uning yigitiga yaqinlashishga urinadi, shu bilan birga, pul va hokimiyat o‘rtasidagi murakkab o‘yinlarga qayta aralashadi.
Film moliyaviy bozorlarning ichki mexanizmlari, insoniy qadriyatlar va axloqiy tanlovlar haqida chuqur o‘yga soladi. Unda Maykl Duglas, Shaya Labaf va Keri Malligan kabi aktyorlar rol o‘ynagan. Film nafaqat sarmoya va iqtisodiy inqiroz mavzularini ochib beradi, balki insoniy ishonch va halollikning qadrini ham ko‘rsatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kuzgi kayfiyat bag‘ishlaydigan eng yaxshi 10 ta filmni saralagandi.