Kechga nima ovqat: bulg‘or qalampirli do‘lma qanday tayyorlanadi

3-noyabr 2025 15:54 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Kechga nima ovqat: bulg‘or qalampirli do‘lma qanday tayyorlanadi
Kechga nima ovqat: bulg‘or qalampirli do‘lma qanday tayyorlanadi / Foto: zira.uz

Do‘lma — Markaziy Osiyo oshxonasida eng ko‘p tayyorlanadigan, oilaviy kechki ovqatlarga juda mos keladigan taomlardan biri. Ayniqsa, kuz-qishda bulg‘or qalampirida pishirilgan go‘shtli variant iliqlik, xushbo‘y hid va ishtaha ochish bilan ajralib turadi. Bu taomning mazasi qalampirning tabiiy shirinligi, go‘sht va guruchning yumshoqligi bilan uyg‘unlashadi. Kursiv Uzbekistan bugun kechki ovqatga bulg‘or qalampirli do‘lma tayyorlashda yordamlashadi.

Masalliq nomi (4-5 kishilik) Miqdor
Bulg‘or qalampiri8-10 dona
Mol yoki qo‘y qiymasi500 gramm
Guruch120-150 gramm
Piyoz2 dona
Tuzta’bga ko‘ra
Ziravorlar (zira, qora murch, paprika)ta’bga ko‘ra
Pomidor2 dona
Tomat pastasi2 osh qoshiq
Suv400-500 ml

Tayyorlash jarayoni: guruch va qalampirni tayyorlash

Guruch yaxshilab yuviladi va 5–7 daqiqa davomida yarim pishguncha qaynatib olinadi. Suvi suzib olinadi va sovitib qo‘yiladi. Bulg‘or qalampirlarining ustki qismi ochiladi, urug‘lari va ichki yupqa parda qatlamlari ehtiyotlik bilan olib tashlanadi.

Go‘shtli aralashmani tayyorlash

Qiymaga mayda to‘g‘ralgan piyoz, yarim pishgan guruch, tuz, zira, paprika va qora murch solinadi. Bir xil massa hosil bo‘lguncha yaxshilab aralashtiriladi.

Qalampirni to‘ldirish

Har bir qalampir ichiga aralashma yumshoq bosim bilan to‘ldiriladi. Haddan ortiq qattiq bosilmaydi, chunki pishganda guruch biroz shishadi.

Sousni tayyorlash

Pomidorlar blenderda pyure qilinadi yoki mayda to‘g‘raladi. Tomat pastasi bilan aralashtiriladi, ustidan suv qo‘shiladi va yaxshilab aralashtiriladi.

Qozonga joylashtirish

Ichlari to‘ldirilgan qalampirlar qozonga tik holatda tartibli qilib joylashtiriladi. Ustidan pomidorli sous quyiladi. Qozon yopilib, o‘rtacha olovda 35–40 daqiqa davomida dim holatda pishiriladi. Qalampirlar yumshaganida va ichidagi qiymasi to‘liq pishganida do‘lma tayyor bo‘ladi.

Bezash va dasturxonga tortish

Do‘lma tayyor bo‘lgach, uni ehtiyotlik bilan likopchaga chiqariladi. Ustidan mayda to‘g‘ralgan ko‘k piyoz, ko‘katlar (ukrop yoki shivit, maydanoz) sepilsa mazasi yanada ochiladi. Yoqimli nordonlik berish uchun yoniga yogurtli sous — qatiq yoki smetana/qaymoq qo‘yish mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan baliq sho‘rvaning tayyorlanish jarayoni haqida ma’lumot bergandi.

Shuningdek