
Las-Vegasda bo‘lib o‘tadigan SEMA 2025 tuning ko‘rgazmasida Nissan Project X yengil yo‘ltanlamas avtomobilini namoyish etdi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda.
Bu avtomobil birinchi avlod Nissan Xterra kuzovi asosida yaratilgan. Unda Frontier va Titan modellari komponentlari qo‘llangan.

Loyiha muallifi – avtoentuziast Nik Sherr. U klassik Nissan yo‘ltanlamaslariga hurmat sifatida bu mashinani yaratgan. Tashqi ko‘rinishda Project X – bu 1999-yilda chiqqan Xterra modelining zamonaviy talqini. U Frontier’dan faralar, radiator panjarasi, eshiklar va bamperlarni, Xterra’dan esa kuzov bazasi, tom va orqa yon qismlarni olgan.
Mashina karbon kapot, offroad bamperlar, shnorkel, qo‘shimcha chiroqlar va tomdagi maxsus bagaj tizimi bilan jihozlangan. 17 dyuymli NISMO Beadlock disklarga o‘rnatilgan 33 dyuymli Hankook Dynapro AT2 Extreme shinalar va balandlashtirilgan osma tizimi unga haqiqiy offroad qiyofasini beradi.

Salon yangi Frontier pikapi uslubida qayta jihozlangan. Panel, rul, markaziy konsol va o‘rindiqlar to‘liq shu modeldan olingan. Eng qiziqarli jihati, 6 pog‘onali mexanik uzatma qutisi va Z1 Conversions debriyaj tizimi o‘rnatilganidir.
Ichki bezak qora charm va yorqin yashil chiziqlar bilan bajarilgan, xavfsizlik kamarlarining rangi ham moslashtirilgan. Pol qismi WeatherTech qoplamasi bilan himoyalangan, yuk bo‘limi esa maxsus aşınishga chidamli qoplama bilan qoplangan.
Project X’ning yuragi – 5,6 litrli V8 VK56 dvigateli, u Z1 havo kirish tizimi, JBA Performance kollektori va CSW radiatori bilan kuchaytirilgan. Quvvat barcha to‘rtta g‘ildirakka klassik 4WD tizimi orqali uzatiladi.
Shuningdek, avtomobil Titan pikapidan olingan o‘qlar, Z1 korpus elementlari, CJD amortizatorlari va Paragon kompaniyasining olti porshenli tormoz tizimi bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Nissan Frontier Pro pikapi oldindan buyurtmaga chiqqani haqida yozgan edi.