
UzAuto Motors 3-noyabrda Chevrolet Cobalt uchun yangi shartnomalarni ochdi. 2025-yilda xaridorlar to‘rtta turdagi komplektatsiyadan birini tanlash imkoniga ega bo‘ldi. Eng arzon model 147,9 mln so‘mdan boshlanadi, eng qimmati esa 165,2 mln so‘mni tashkil qiladi. Narxlar orasidagi farq 17 mln so‘mdan ortiq. «Lekin bu ortiqcha to‘lov o‘zini oqlaydimi?» degan savol har bir xaridor uchun muhim. Autostrada oddiy va yangilangan Cobalt avtomobillarining farqlari va texnik o‘xshashliklarni o‘rgangan.
Modellarning asosiy farqlari

Yangi Cobalt’ning asosiy farqi — dvigatel va ichki jihozlarda. Avvalgi versiyalarda ishlatilgan B15D2 L2C dvigateli o‘rniga endilikda B15D2 L2B motor o‘rnatilgan. Bu motor gaz taqsimotining o‘zgaruvchan fazalariga ega. Euro-5 standartiga mos keladi va yangi elektron boshqaruv bloki — E64 orqali ishlaydi. Natijada avtomobil biroz yumshoqroq yuradi. Uzatmalar almashinuvi esa silliqroq bo‘ladi.
Shu bilan birga, UzAuto Motors yangi motorni ekologik tozalik va iqtisodiy samaradorlik jihatidan ham ilg‘or deb e’lon qilgan. Biroq amaliy haydashda bu farq uncha sezilmaydi, chunki eski motor ham ishonchliligi va soddaligi bilan mashhur edi.
Ichki qismi qanday farqlanadi

Cobalt MCM versiyalarida faqat texnik yangilanish emas, balki salonda ham sezilarli o‘zgarishlar mavjud. Endilikda avtomobilda yangi analog asboblar paneli, Apple CarPlay va Android Auto tizimini qo‘llaydigan sensorli MyLink magnetolasi, kruiz-kontrol va ko‘p funksiyali rul o‘rnatilgan. Midnight MCM versiyasi esa qora salon, eko-teridan qilingan o‘rindiqlar va anti-xrom tashqi elementlari bilan ajralib turadi. Shunday qilib, bu versiya tashqi ko‘rinish va ichki dizayn jihatidan yanada zamonaviyroq tus olgan. Biroq bu qulayliklar narxni qariyb 17 mln so‘mga oshirgan.

Aslida esa eski Cobalt Style Plus AT hali ham bozorda o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. U arzon, soddaligi bilan ishonchli va ehtiyot qismlari hamyonbop. Shu sababli, agar siz mashinani o‘zingizga moslab, bosqichma-bosqich takomillashtirishni yoqtirsangiz, eski Style’ni tanlab, qolgan pulga sifatli tyuning qilish eng oqilona qaror bo‘ladi. Masalan, charm bilan qoplangan rul, Android tizimidagi zamonaviy magnetola, Starline signalizatsiyasi va shovqinni kamaytiruvchi izolyatsiya kabi o‘zgartirishlar mashinani ancha qulay qiladi. Bularning barchasi o‘rtacha 17 mln so‘m atrofida turadi, ya’ni eng qimmat Midnight MCM va arzon Style o‘rtasidagi farqqa teng.

Nima qilish kerak
Shuni unutmaslik kerakki, yuqoridagi o‘zgartirishlar rasmiy servisdan tashqarida bajarilsa, avtomobil kafolatini yo‘qotish xavfi bor. Shu sababli kafolat siz uchun muhim bo‘lsa, zavoddan to‘liq o‘rnatilgan versiyalarni tanlagan ma’qul. Agar esa siz uchun kafolatdan ko‘ra avtomobilning shaxsiy qulayligi, ovoz sifati va zamonaviy funksiyalar muhim bo‘lsa, tyuning varianti ancha foydaliroq ko‘rinadi.

Xulosa shuki, Cobalt MCM versiyalari o‘zida «zavod tyuningi»ni mujassam etgan. Ular qora salon, yangi texnologiyalar va to‘liq tayyor qulaylikni taklif qiladi. Ammo bu qulayliklar uchun to‘lanadigan ortiqcha mablag‘ har doim ham o‘zini oqlamaydi. Oddiy Style versiyasi esa moslashuvchanligi, ishonchliligi va budjet tejamkorligi bilan ustun. Shuning uchun, agar siz zavoddagi zamonaviy ko‘rinishni yoqtirsangiz — Midnight MCM siz uchun. Ammo mashinani o‘zingizga moslab, o‘z uslubingizni yaratishni xohlasangiz, eski Style eng to‘g‘ri tanlov bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kuriv Uzbekistan Cobalt uchun bir soat ichida 53 mingdan ortiq shartnomalar rasmiylashtirilgani haqida yozgan edi.