Skoda Group O‘zbekistonda temiryo‘l transportini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etadi

eʼlon qilindi
Mahalliy mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Skoda Akademiyasi ham tashkil etiladi
Skoda Group O‘zbekistonda temiryo‘l transportini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etadi / Foto: Skoda Group

Škoda Group O‘zbekistonda temiryo‘l transportini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda xolding matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi korxona faoliyati uch asosiy yo‘nalishda yo‘lga qo‘yiladi. Birinchi yo‘nalish – temiryo‘l transport vositalarini mahalliy sharoitda yig‘ish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Ikkinchisi – transport vositalarining butun xizmat muddati davomida texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash tizimini yaratish. Uchinchi yo‘nalish esa mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish maqsadida Skoda Akademiyasini tashkil etishdan iborat.

Skoda Group bosh direktori Petr Novotniy ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo bozori kompaniya uchun istiqbolli yo‘nalish bo‘lib, Yevropa texnologiyalari O‘zbekiston transport infratuzilmasining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Bryusselda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham kompaniya vakillari O‘zbekiston bilan sanoat va transport sohalaridagi sheriklikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda Transport vaziri Ilhom Maxkamov va Skoda Group vakillari temiryo‘l hamda shahar transporti yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kompaniyasi O‘zbekistonda konteyner tashuvlarini rivojlantirishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek