Tergov faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Shavkat Mirziyoyev narkojinoyatlar, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va prokuror nazoratini raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi
Tergov faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi
Tergov faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi. Rasm SI yordamida yaratilgan

Prezident tergov jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 3-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev narkojinoyatlar, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va prokuror nazoratini raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda mavjud muammolar ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish uchun yangi chora-tadbirlar belgilandi.

Narkojinoyatchilikka qarshi kurashishga oid kompleks dastur ishlab chiqildi

Foto: prezident matbuot xizmati

So‘nggi yillarda sintetik va psixotrop narkotiklar kengayib, ayniqsa, yoshlar orasida tarqalmoqda. O‘zbekistonda yil boshidan 11 mingdan ortiq narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvandlik moddalari ushlab qolindi.

Taqdimotda yoshlar orasida narkotiklarning noqonuniy tarqalishiga qarshi qat’iy choralar ko‘rish kerakligi ta’kidlandi. Xususan, yoshlar bilan bog‘liq narkojinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, narkotiklarni internet orqali sotish, uyushgan guruhlar, yashirin narkolaboratoriyalar va ularga yordam berayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash va bunga chek qo‘yish bo‘yicha keng qamrovli tezkor-qidiruv va tergov ishlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi aytildi.

Taqdimotda davlat rahbari 2025 – 2026-yillarda giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish bo‘yicha 100 dan ortiq amaliy choralarni o‘z ichiga olgan milliy dastur loyihasini ma’qulladi. Shuningdek, bu yo‘nalishda doimiy va tizimli ishlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

2025-yilning to‘qqiz oyida 46 mingdan ortiq kiberjinoyatlar aniqlandi

Foto: prezident matbuot xizmati

Mamlakatda kiberjinoyatlar soni keskin oshgan. So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga ko‘paygan. Joriy yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion so‘mdan oshgan.

Firibgarlar bank kartalari va shaxsiy ma’lumotlar orqali ko‘plab zarar yetkazmoqda. Shuning uchun shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talabini, bunday ma’lumotlarni shifrlab saqlash tartibini joriy etish, ma’lumotga ishlov beruvchi shaxslarning reyestrini yuritish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar ta’sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish, firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik, shubhali bank hisobvaraqlarini bloklashni tun-u kun rejimda yo‘lga qo‘yishning mexanizmlari taklif qilindi.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish, jumladan, ularni tezkor fosh etish bo‘yicha yetti turdagi yangi ekspertizani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Tergov jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi

Davlat xizmatlari va nazorat jarayonlarini raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani kamaytirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda Bosh prokuratura tizimida raqamli prokuror nazorati joriy etiladi.

Bundan tashqari jinoyat haqida xabar kelib tushganidan tortib, sud qarori ijrosigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, tergov faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish vazifasi belgilandi. Raqamli texnologiyalar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish uchun sun’iy intellekt, kiberhuquq va raqamli huquq yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq prezident tomonidan «Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risi»dagi qaror qabul qilingandi. Qarorga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 2026 – 2027-yillarda jami $100 million miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratadi.

Shuningdek