Turkiya AQSh sanksiyalaridan so‘ng Rossiyadan neft importini kamaytirdi

eʼlon qilindi
Mamlakat neftni, asosan, Iroq va Qozog‘istondan import qilmoqda
Turkiya AQSh sanksiyalaridan so‘ng Rossiyadan neft importini kamaytirdi
Foto: Reuters

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Rossiya neft sanoatiga qarshi yangi sanksiyalar joriy etganidan so‘ng Turkiya neftni boshqa davlatlardan xarid qilishni boshladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Turk neftni qayta ishlash zavodlari Rossiyadan yetkazib berish hajmini qisqartirib, Iroq va Qozog‘iston yo‘nalishiga o‘tgan. Xususan, SOCAR Turkey Aegean Refinery dekabr oyi uchun Iroq, Qozog‘iston va boshqa manbalardan to‘rt partiya xom neft xarid qilgan.

Katta ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Tupras ham Rossiyadan tashqari manbalar, jumladan, Iroqdagi Urals turiga o‘xshash navlarni tanlayotgani aytiladi. Kompaniya yaqin orada o‘zining bir zavodida Rossiya neftidan butunlay voz kechishi mumkin. Tupras, shuningdek, ilk bor Braziliyadan ham neft sotib olgan, noyabr boshida esa Angoladan Mostarda turidagi ikkinchi partiya yetib kelishi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, noyabr oyida Turkiya kuniga 141 ming barrel Iroq nefti import qiladi. Bu oktabrdagi 99 ming barreldan va yil boshidan buyon o‘rtacha 80 ming barreldan ko‘p. Shu bilan birga, oktabrgacha Turkiyaning neft importining 47 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelgan.

22-oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning «Rosneft» va «Lukoyl» kompaniyalariga hamda ularning 34 shuba korxonasiga qarshi sanksiyalar e’lon qilgan. AQSh Moliya vazirligi bunday kompaniyalar bilan operatsiyalarni yakunlash uchun bir oy muddat bergan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini e’lon qilganligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek