
Prezident qaroriga ko‘ra, xorijdan import qilinadigan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi 2030-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
2026-yil 1-yanvardan 2030-yil oxirigacha nasldor bir kunlik jo‘jalar bo‘yicha subsidiyalar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan go‘sht yo‘nalishida xarid qilinganda beriladi.
Shuningdek, 2026 – 2027-yillarda tirik qoramol va qo‘y-echkilarni import qilishda QQSni 180 kungacha kechiktirib to‘lashga va to‘langan soliqni qonuniy tartibda qaytarishga ruxsat etiladi.
Veterinariya ruxsatnomalari muddati ikki baravar qisqartiriladi. Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga esa yem-xashak ekinlari uchun yerlarni onlayn auksion orqali ijaraga olib, to‘lovni 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ozuqabop ekinlarni sug‘orish uchun elektr xarajatining yarmi davlat tomonidan qoplanishi haqida yozgan edik.