
Bugun, 3-noyabr kuni soat 10:00 dan boshlab yangi Chevrolet Cobalt uchun shartnomalar ochildi. Bu haqda UzAuto Motors xabar qilgan edi.
Chevrolet Cobalt avtomobillariga bo‘lgan yuqori talab va mijozlardan kelib tushayotgan ko‘plab so‘rovlarni inobatga olgan holda, «UzAuto Motors» AJ ushbu modelni sotib olish jarayonini onlayn shaklda amalga oshirishini ma’lum qildi. Kompaniya bu qarorni ortiqcha ajiotaj va navbatlarni kamaytirish maqsadida qabul qilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, 2025-yil 3-noyabr soat 10:00 dan boshlab Chevrolet Cobalt uchun onlayn kontraktatsiya ochiladi. Xaridorlar https://uzavtosavdo.uz sayti yoki UzAvtoSavdo mobil ilovasi (iOS va Android) orqali shartnoma tuza oladi. Shu kuni barcha Chevrolet dilerlik markazlari yopiladi va UzAuto Motors savdo tizimidan uziladi.
Onlayn shartnomalarda maxsus QR-kod bo‘ladi, u hujjatning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Ushbu kodni tekshirish uchun xaridorlar https://t.me/uzautomotorscom/4025 manzilidan foydalanishlari mumkin. Kompaniya shuni alohida ta’kidladiki, QR-kodsiz tuzilgan shartnomalar «UzAuto Motors» AJ yoki Chevrolet rasmiy dilerlariga aloqador emas.


Cobalt’ning barcha mavjud komplektatsiyalari, shu jumladan, ikki yangi versiyasi ham onlayn kontraktatsiya jarayonida xarid qilish uchun taqdim etiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun xaridorlar +998 (78) 141-77-77 telefon raqamiga murojaat qilishi yoki https://chevrolet.uz saytiga kirishlari mumkin.
Narxlar qanday bo‘ladi
«UzAuto Motors» kompaniyasi Chevrolet Cobalt avtomobilining ikki yangi komplektatsiyasini taqdim etdi. Yangi modellarning tavsiya etilgan chakana narxlari quyidagicha:
- Cobalt Style MCM – 156 100 000 so‘m;
- Cobalt Midnight MCM – 165 200 000 so‘m.

Shuningdek, Cobalt avtomobilining avvaldan mavjud komplektatsiyalari mijozlarga narx o‘zgarishisiz taqdim etiladi:
- Cobalt Style AT Plus – 147 916 000 so‘m;
- Cobalt Midnight AT – 155 231 000 so‘m.
Yangi narxlar va versiyalar 2025-yil 3-noyabrdan boshlab kuchga kiradi. Shu kundan e’tiboran barcha Chevrolet dilerlik markazlarida mijozlar uchun mavjud modellarga qo‘shimcha ravishda yangi Chevrolet Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari ham sotuvga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Cobalt avtosalonlarga kelgani haqida yozgan edi.