
Armanistonning «Central depositary of Armenia» (CDA) kompaniyasi kapital bozori yo‘nalishida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar berdi.
Ushbu kompaniya Armanistonda qimmatli qog‘ozlarni hisobga olish va hisob-kitoblar bo‘yicha yagona tizim operatori hisoblanadi. Shuningdek, CDA Thomas Murray agentligi tomonidan berilgan BBB reytingiga ega. Bundan tashqari, milliy raqamlash agentliklari assotsiatsiyasi a’zosi va Yevroosiyo markaziy depozitarlar assotsiatsiyasi tarkibiga kiradi.
«Xorijiy ishtirokchilarning Tartibga solish qumdoniga kirishi qimmatli qog‘ozlar bozorining ilg‘or xorijiy amaliyotini joriy etishga, xorijiy investorlarning mahalliy kapital bozoriga kirishini yengillashtirishga, O‘zbekiston Respublikasiga investitsiyalarni jalb etishning yangi shakl va usullarini joriy etish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi», — deyiladi ILMA xabarida.
Avvalroq «UMRC SPV» MChJ ipoteka obligatsiyalarini chiqarish yo‘nalishida ushbu rejim ishtirokchisiga aylangani xabar qilingandi. Mazkur jamiyat «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy faoliyati — mamlakatda ipoteka obligatsiyalarini chiqarishdan iborat.