Boysundagi konda havoga zararli moddalar tarqalmasligi uchun gaz yoqildi — vazirlik

Avvalroq Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi kondan gaz sizib chiqish holati haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Mahalliy aholi esa havo tarkibida gaz hidi sezilayotgani va nafas olish qiyinlashganini bildirgan.
Ushbu holat yuzasidan Energetika vazirligi izoh berdi. Unga ko‘ra, tumandagi «M-25» konining 202-son gaz qudug‘ida avval yoqib qo‘yilgan olov texnik jarayon sabab vaqtinchalik so‘ngan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu holat kondagi geologik jarayon natijasida yuz bergan.
Shundan so‘ng havoga zararli moddalarning tarqalishining oldini olish uchun gaz yana yoqib qo‘yilgan.
«Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob beradi. Hozirgi vaqtda vaziyat barqaror va mutaxassislar nazorati ostida turibdi», – deydi vazirlik.
Shuningdek, vazirlik bu yerda hech qanday kutilmagan vaziyatlar kuzatilmaganini va mazkur holat 2025-yil 3-noyabr kuni soat 01:29 da qayd etilgan zilzila bilan bog‘liq emasligini qayd etdi.
Bundan oldin Kursiv Uzbekistan Quyi Chirchiqda yuk mashinasi gaz quvuriga urilishi ortidan 500 xonadon gazsiz qolgani haqida xabar bergan edi.