Avto

Chery Jetour Shanhai T1AWD avtomobili taqdim etildi

U 1 500 km umumiy yurish masofasiga ega
Foto: Jetour

Chery kompaniyasi 3-noyabr kuni Xitoyda o‘zining yangi Jetour Shanhai T1 AWD (to‘liq g‘ildirakli gibrid) modelining taqdimotini o‘tkazdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Krossover 590 ot kuchi (440 kVt), 840 N/m moment va 1 500 km umumiy yurish masofasiga ega. Yangi model ikkita versiyada taklif etiladi:

  • Exploration Edition – 157 900 yuan ($22,2 ming);
  • Discovery Edition – 167 900 yuan ($23,6 ming).
Foto: Chery

Model avvalgi old g‘ildirakli Jetour Shanhai T1 dizaynini saqlab qolgan. Kuzov uchun beshta rang mavjud: Midnight Black, Green Mountain, Snow Mountain Silver, Glacier White va Sand Gold.

O‘lchamlari – 4706×1967×1840 mm, g‘ildirak bazasi 2810 mm, ya’ni FWD versiyasidan 5 mm qisqaroq. Klirens 185 mm, suv to‘siq chuqurligi 600 mm, kirish burchagi 28°, chiqish burchagi 29°, maksimal tortish quvvati esa 1 600 kg.

Foto: Chery

Kapoti ostida Chery’ning Kunpeng C-DM gibrid tizimi joylashgan. U 1,5 litrli turbo dvigatel (154 ot kuchi) va ikki elektromotordan iborat. Old motor 201 ot kuchi, orqa motor esa 235 ot kuchi ishlab chiqaradi. Dvigatel 1 bosqichli DHT uzatmasi bilan bog‘langan.

Avtomobil 27,2 kVt/soat sig‘imli litiy temir-fosfat batareyaga ega bo‘lib, u 147 km masofani faqat elektrda bosib o‘tadi. To‘liq yoqilg‘i (70 litr) va zaryad bilan esa 1 500 km yurish imkonini beradi.

Foto: Chery

Jetour Shanhai T1 AWD — off-road toifasidagi SUV bo‘lib, 7+X aqlli haydash rejimlari bilan jihozlangan. X Mode funksiyasi yo‘l sharoitini avtomatik aniqlab, eng mos rejimni tanlaydi.

Salonda 4 qovurg‘ali rul, 10,25 dyuymli raqamli panel va 15,6 dyuymli markaziy ekran o‘rnatilgan. Multimedia tizimi Qualcomm Snapdragon 8155 chipida ishlaydi, boshqaruv paneli ostida esa jismoniy tugmalar, ikkita stakan joyi, aylanma tanlagich va vites dastasi mavjud.

Foto: Chery

Sun’iy intellektli yordamchi DeepSeek AI modeli asosida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Jetour T1 Mountain & Sea avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.