
FIFA 2027-yilgi Osiyo kubogi saralash bosqichida noqonuniy hujjatlar asosida futbolchilarning ishtirok etgani aniqlangach, Malayziya futbol assotsiatsiyasi va yetti futbolchiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.
Tergov natijalariga ko‘ra, futbolchilar – Gabriel Arrocha, Fakundo Garses, Rodrigo Olgado, Imanol Machuka, Xuan Brandau Figeyredu, Jon Iraurgi va Ektor Serrano soxta hujjatlar yordamida Malayziya nomidan maydonga tushgan. Ular 2025-yil 10-iyun kuni Vyetnam terma jamoasiga qarshi o‘yinda qatnashgan.
FIFA qaroriga binoan, Malayziya futbol assotsiatsiyasi 350 ming Shveysariya franki miqdorida jarimaga tortildi. Shuningdek, har bir futbolchi 2 ming frank miqdorida jarima to‘laydi va 12 oy davomida futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtiriladi.
Qolaversa, FIFA ushbu futbolchilarning Malayziya terma jamoasi safida o‘ynash huquqini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Qaror haqida futbolchilar rasmiy ravishda xabardor qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Milliy terma jamoa FIFA reytingida bitta pog‘ona pastlagani haqida xabar bergan edi.