Filippinda «Kalmaegi» to‘foni oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi

Filippinda yuz bergan «Kalmaegi» to‘foni oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
75 mingdan ortiq odam esa xavfsiz joylarga evakuatsiya qilingan. Filippin meteorologiya agentligi Pagasa xabariga ko‘ra, to‘fon shamollari soatiga 150 km tezlikda esgan, ayrim joylarda esa 185 km/soat gacha kuchaygan. Kalmaegi to‘foni dastlab Janubiy Leyte provinsiyasida quruqlikka chiqqan, so‘ngra yaqinda zilziladan zarar ko‘rgan Sebuda ham talafotlar keltirgan.
Mahalliy OAVlar kuchli shamol evakuatsiya markazlarini vayron qilgani va suv toshqinlari daraxtlarni ildizi bilan sug‘urib ketgani haqida videolar e’lon qildi.

Ob-havo xizmati Kalmaegi Negros oroli hududida hayot uchun xavfli sharoitlarni yuzaga keltirganini bildirgan. Aholiga past joylardan zudlik bilan ko‘chish, mustahkam binolarga kirish va sohil hamda daryo bo‘ylaridan uzoqlashish tavsiya etilgan.
To‘fon tufayli seshanba kuni 100 dan ortiq parvozlar bekor qilingan. Kalmaegi — bu yil Filippinda qayd etilgan 20-tropik siklon bo‘lib, 2013-yilda 6 mingdan ortiq odamni hayotdan olib ketgan Haiyan super to‘foni bilan o‘xshash yo‘nalishda harakat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan «Melissa» to‘foni Kubaga yopirildi, 700 mingdan ortiq kishilar evakuatsiya qilingani yozgan edi.