
Honor kompaniyasining yangi Honor 500 seriyasi dizayni internetda paydo bo‘ldi. Gizmochina tomonidan e’lon qilingan eskizlarda smartfonning tashqi ko‘rinishi to‘liq yangilanganini ko‘rish mumkin. Yangi model noyabr oxirida Xitoyda rasmiy taqdim etiladi.
Honor 500 va Honor 500 Pro modellari iPhone Air va Google Pixel uslubidagi gorizontal kamera blokiga ega bo‘ladi. Har ikki qurilma tekis ekranli bo‘lib, burchaklari yumaloqlashtirilgan. Pro versiyada uch kamerali tizim o‘rnatiladi, bazaviy model esa ikki kameraga ega bo‘ladi.

Yangi seriya 6,5 dyuymli OLED ekranga ega bo‘lib, 1,5K aniqlikda tasvir beradi. Smartfonlar 80 vatt quvvatdagi tezkor zaryadlash tizimi bilan jihozlangan. Ular Android 16 operatsion tizimida, MagicOS 10 interfeysi asosida ishlaydi.
Honor 500 Pro versiyasida 200 megapikselli asosiy kamera va 64 megapikselli OmniVision OV64B periskop moduli o‘rnatiladi. Ushbu kombinatsiya surat sifati va masofaviy tasvir olish imkoniyatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Modelda Snapdragon 8 Elite protsessori ishlatiladi, bu esa unumdorlik va o‘yin tajribasini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 100 dollarlik Honor X6b Plus taqdim etilgani haqida yozgan edi.