Ingliz tili o‘qituvchilarining attestatsiya bo‘yicha noroziliklariga vazirlik javob berdi

Joriy yilning 30 – 31-oktabr kunlari o‘tkazilgan ingliz tili o‘qituvchilari attestatsiya natijalari ijtimoiy tarmoqlarda tanqid va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ayrim o‘qituvchilar imtihon sun’iy ravishda murakkablashtirilgani, maktabdagi amaliy jarayonga mos bo‘lmagan savollar berilgani haqida shikoyat bildirmoqda.
«IELTSdan 8 olish ingliz tili attestatsiyasidan o‘tishdan ko‘ra ancha osonroq», – deydi o‘qituvchilardan biri.
Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar vazir E’zoza Karimovaga murojaat yo‘llagan. Unda imtihon natijalarini qayta ko‘rib chiqish, jarayonni adolatli va shaffof tartibda yana bir bor o‘tkazish so‘ralgan.

Vazirlik keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, pedagoglar test jarayonining o‘zida platforma orqali e’tiroz qoldirishi mumkin. Natijalar e’lon qilingandan so‘ng esa 10 kun ichida apellyatsiya yuborish huquqi mavjud. Har bir murojaat bo‘yicha asosli javob berilishi, zarur hollarda tushuntirishlar berilishi aytildi.
Shuningdek, ayrim shaxslar tomonidan yordam berish, attestatsiyadan o‘tkazib qo‘yish kabi asossiz va noqonuniy takliflar tarqalayotgani va bu kabi holatlar bo‘yicha ham chora ko‘rilayotgani qayd etildi.
Vazirlik o‘qituvchilarning huquqi himoya qilinishi, shikoyatlar ko‘rib chiqilishi va agar pedagog natijadan qoniqmasa sudga murojaat qilish mumkinligini eslatdi.
Bundan avval 2025-yilning aprel-may oylarida o‘tkazilgan pedagoglar attestatsiyasi ortidan ham noroziliklar yuzaga kelib, bir guruh o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergandi. Da’vo arizasida qayd etilishicha, o‘qituvchilar 2025-yilda o‘tkazilgan ona tili va adabiyot fanidan test natijalarini g‘ayriqonuniy deb hisoblaydi. Ular test savollarining murakkablik darajasi ajratilgan vaqtga mos kelmasligini, savollar testologik va validlik talablarga javob bermasligini ta’kidlagan.