Avto

Jetour T1 Mountain & Sea avtomobili taqdim etildi

Narxi $22 mingdan boshlanadi
Jetour T1 Mountain & Sea avtomobili / Foto: Jetour

Chery kompaniyasi tomonidan Jetour T1 Mountain & Sea avtomobili taqdim etildi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.

Model ikki versiyada – Explorer Edition va Discovery Edition taklif etiladi. Narxlari mos ravishda 157,9 ming va 167,9 ming yuan ($22 ming – $23,5 ming).

Tashqi ko‘rinish avvalgi old g‘ildirakli versiyaga o‘xshash. Krossover beshta rangda taqdim etiladi: Midnight Black, Green Mountain, Snow Mountain Silver, Glacier White va Sand Gold.

Foto: Jetour

Mashina o‘lchamlari 4706×1967×1845 mm, g‘ildirak bazasi 2810 mm, klirensi esa 200 mm. U 28° burchak ostida chiqish, 29° burchakda tushish imkoniga ega. 600 mm chuqurlikdagi suv to‘siqlarini bosib o‘ta oladi.

Jetour T1 4WD tizimi One-Click X Mode deb nomlanuvchi aqlli boshqaruv funksiyasiga ega bo‘lib, yo‘l sharoitiga qarab osma, uzatma va tortish kuchini 0,15 soniyada avtomatik sozlaydi.

Kapoti ostida 1,5 litrli turbo dvigatel va uchta elektromotor mavjud. Umumiy quvvat 591 ot kuchi, maksimal moment 840 N·m. Avtomobil 27,2 kVt/soat sig‘imli CATL batareyasi bilan jihozlangan bo‘lib, u 147 km masofani faqat elektrda bosib o‘tadi.

Foto: Jetour

Shuningdek, avtomobil 6,6 kVt quvvatli tashqi elektr manbasi sifatida ishlatiladi. Bu orqali maishiy jihozlarni, kemper uskunalarini yoki hatto boshqa elektromobillarni zaryadlash mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Jetour Zongheng G700 avtomobili qanday xususiyatlarga egaligi haqida yozgan edi.