Jizzaxda «Hududgaz» xodimi ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jizzaxda «Hududgaz» xodimi ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, «Hududgaz Jizzax» filialining yetakchi mutaxassisi korxonaga tegishli gaz hisoblagichdagi nosozlik bo‘yicha dalolatnoma tuzgan. Ammo u bu hujjatni bekor qilib berish va jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasligiga yordam berish evaziga korxona vakilidan $6 ming talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati uni pulni olayotgan paytda qo‘lga oldi.
Laboratoriya tekshiruviga ko‘ra, gaz hisoblagich tashqi ta’sirlarsiz o‘zi nosoz holatga kelgan. Endi xodimga nisbatan Jinoyat kodeksi moddalariga asosan ish qo‘zg‘atildi. Shuningdek, uning bu ishga aloqador tanishini aniqlash va tekshirish ishlari ham boshlangani bildirildi.
Avvalroq Qashqadaryoda aholiga tarqatilmasdan ushlab turilgan gaz ballon «bunkeri» aniqlangani xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Eshonquduq qishlog‘ida yashovchi fuqaro xonadonidan 150 dona gaz balloni (109 tasi to‘la, 41 tasi bo‘sh) topildi.