Sport

Londonda Premyer-liga futbolchisiga qurol bilan tahdid qilgan agent hibsga olindi

Londonda futbol agenti Premer-liga yulduziga qurol bilan tahdid qilgan
Foto: Premer-liga

6-sentabr kuni Londonda Premyer-liga futbolchisiga agent tomonidan qurol bilan tahdid qilingani haqida tergov boshlandi. Politsiya holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atib, gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Bu haqda The Sun nashri xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, tahdid qilingan futbolchining transfer qiymati taxminan 60 mln yevro atrofida. Voqeadan so‘ng sport agenti hibsga olingan va unga qurolli zo‘ravonlik hamda futbolchining do‘stiga tahdid qilish ayblovi qo‘yilgan.

9-sentabr kuni agent garov evaziga ozod qilingan, biroq unga futbolchi bilan aloqa qilish, klub mashg‘ulot bazasiga tashrif buyurish va mamlakatdan chiqib ketish taqiqi joriy etilgan. Keyinchalik sud unga pasportni vaqtincha qaytarib, oldindan rejalashtirilgan safarga chiqishga ruxsat bergan. London politsiyasi tergov hali davom etayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Inter» darvozaboni keksa odamning o‘limiga sababchi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.