
Qamchiqda qor yog‘di, inspektorni kapotida aylantirgan haydovchiga jinoyat ishi ochildi, chiqindi to‘lovlari endi faqat onlayn amalga oshiriladi — 4-noyabrning muhim hodisalari Kursiv Uzbekistan materialida.
Qamchiq dovonida qor yog‘di — video

Namangan viloyatining Qamchiq dovonida qor yog‘di. Dovonning yuqori qismida mayin qor yog‘di. FVV, Yo‘l-patrul xizmati (YPX) va «Qamchiqavtoyo‘l» xodimlari yo‘llarni qordan tozalash, muzlamaning oldini olish va qum-tuz aralashmasini sepish ishlarini amalga oshirdi.
Ingliz tili o‘qituvchilarining attestatsiya bo‘yicha noroziliklariga vazirlik javob berdi

Joriy yilning 30 – 31-oktabr kunlari o‘tkazilgan ingliz tili o‘qituvchilari attestatsiya natijalari ijtimoiy tarmoqlarda tanqid va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Vazirlik keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, pedagoglar test jarayonining o‘zida platforma orqali e’tiroz qoldirishi mumkin.
Inspektorni kapotda sudragan Gentra haydovchisiga jinoyat ishi ochildi — video

Toshkentda Gentra haydovchisi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining inspektorini avtomobil kapotida sudragani sababli hibsga olindi. Hodisa 2-noyabr Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. Surishtiruv davomida aniqlanishicha, haydovchi 2001-yilda tug‘ilgan va uning avtomobilida jami 144 ta yo‘l harakati qoidabuzarliklari qayd etilgan.
Boysundagi konda havoga zararli moddalar tarqalmasligi uchun gaz yoqildi — vazirlik

Avvalroq Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi kondan gaz sizib chiqish holati haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi izoh berdi. Unga ko‘ra, tumandagi «M-25» konining 202-son gaz qudug‘ida avval yoqib qo‘yilgan olov texnik jarayon sabab vaqtinchalik so‘ngan. Shundan so‘ng havoga zararli moddalarning tarqalishining oldini olish uchun gaz yana yoqib qo‘yilgan.
2026-yildan boshlab chiqindi to‘lovlari faqat onlayn amalga oshiriladi

2026-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni faqat onlayn tarzda barcha elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiradi. Internetga ulanmagan hududlarda esa to‘lovlar tijorat banklari kassalari yoki «O‘zbekiston pochtasi» orqali amalga oshirilishi mumkin.
Mirziyoyev global ijtimoiy adolat fondi va migrantlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini yaratishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida ishtirok etdi. Mirziyoyev sammitda O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanish sohasidagi strategik maqsadlari hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha bir qator takliflarini taqdim etdi.
Shavkat Mirziyoyev Qatarga tashrifini yakunlab, AQShga jo‘nab ketdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar davlatiga amaliy tashrifini yakunlab, AQSh prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Prezident mazkur davlatda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining «C5+1» formatidagi sammitida ishtirok etadi.
Dollar yana qulamoqda: 5-noyabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

5-noyabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 11 950,63 so‘m (-21,71 so‘m) etib belgilandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 41,73 so‘mga tushib, 13 744,42 so‘mni, rubl esa 0,09 so‘mga tushib, 147,70 so‘mni tashkil qildi.
Dunyodagi eng badavlat odamlari yashaydigan Top-10 shahar nomi ma’lum qilindi

Boyligi $30 mlndan ortiq bo‘lgan insonlar soni so‘nggi yillarda tez sur’atlarda oshmoqda. Altrata kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, bu toifadagi aholining 19 foizi atigi 10 ta yirik shaharda yashaydi. Ro‘yxatda Nyu-York birinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarni Gonkong va Los-Anjeles shaharlari egalladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 3-noyabrning eng muhim hodisalarini e’lon qilgandi.