Qirg‘izistonda barcha xususiy avtomaktablar yopiladi

Qirg‘iziston haydovchi tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqadi. Unga ko‘ra, endi faqat davlat avtomaktablari faoliyat yuritadi, barcha xususiy avtomaktablar yopiladi.
«Kattalar uchun barcha xususiy avtomaktablar yopiladi, davlat avtomaktablari ochiladi», – deydi davlat boshlig‘i ishlarining boshqaruvchisi Qanibek Tumanbayev.
Yangi tartibga ko‘ra, haydovchilikka o‘qish muddati 14 oy etib belgilanadi. Bu vaqt davomida o‘quvchilar har faslda amaliy haydovchilik mashg‘ulotlaridan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab maktab o‘quvchilariga ham 11-sinfdan haydash bo‘yicha darslar o‘qitilishi ko‘zda tutilgan. Haydovchilik guvohnomalari faqat to‘liq va qonuniy o‘qishdan o‘tgandan keyin beriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yildan moped va skuterlar uchun «A1» toifali guvohnoma joriy etilishi xabar qilingandi. Endilikda bu turdagi transport vositalarini boshqarishni istagan fuqarolar o‘quv kurslarida – onlayn yoki oflayn shaklda o‘qishlari yoki mustaqil tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin. Nazariy imtihonda 20 ta savol beriladi va ulardan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob bergan talabgorlar amaliy imtihonga qo‘yiladi.