Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Qatarga tashrifini yakunlab, AQShga jo‘nab ketdi

AQSh prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan
Shavkat Mirziyoyevning Qatarga tashrifi yakunlandi
Shavkat Mirziyoyev Qatarga tashrifini yakunlab, AQShga yo‘l oldi / Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar davlatiga amaliy tashrifini yakunlab, AQShga jo‘nab ketdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Dohadagi Shayx Hamad nomli xalqaro aeroportida O‘zbekiston prezidentini bosh vazir o‘rinbosari, mudofaa vaziri Shayx Saud bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Dohadagi tashrifdan so‘ng Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Prezident mazkur davlatda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining «C5+1» formatidagi sammitida ishtirok etadi.

Shuningdek, strategik sheriklik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqaviy integratsiya masalalari muhokama qilinadi. Dastur doirasida prezident AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Mirziyoyev Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida ishtirok etib, nutq so‘zlagani haqida xabar qilingandi. Davlat rahbari sammitda O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanish sohasidagi strategik maqsadlari hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha bir qator takliflarni bildirdi.