Inspektorni kapotda sudragan Gentra haydovchisiga jinoyat ishi ochildi — video

Toshkentda Gentra haydovchisi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining inspektorini avtomobil kapotida sudragani sababli hibsga olindi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hodisa 2-noyabr Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. Surishtiruv davomida aniqlanishicha, haydovchi 2001-yilda tug‘ilgan va uning avtomobilida jami 144 ta yo‘l harakati qoidabuzarliklari qayd etilgan. Shundan 38 tasi muddati o‘tgan va 30 tasi ijro organlariga topshirilgan. Jarimalar bo‘yicha umumiy qarz miqdori 18 mln so‘mni tashkil qiladi.
Hududiy prokuratura haydovchiga nisbatan O‘zbekiston JKning 219-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Qoidabuzarga nisbatan jarima, majburiy jamoat ishlari, tuzatish ishlari yoki 1 – 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Hibsga olingan haydovchi tergov davomida qilgan ishidan afsuslanishini bildirgan va boshqa haydovchilarni shunday xatti-harakatlardan tiyilishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq haydovchi qaysi hollarda «prava»siz qolishi mumkinligi haqida batafsil yozgan edik.