
Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida Butunjahon turkiy tillar kunini e’lon qilish tashabbusi ma‘qullandi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Tashabbus O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan ilgari surilgan va 26 ta YUNESKO a’zo davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Butunjahon turkiy tillar kunini nishonlash sanasi 15-dekabr deb belgilandi. Aynan shu kuni, 1893-yilda, daniyalik olim Vilgelm Tomsen Orxon yozuvlari alifbosini o‘qiganini e’lon qilgan.
Tashabbus turkiy tillar va madaniyatlarning saqlanishini ta‘minlash, mintaqaviy va global hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, turkiy xalqlarning og‘zaki an’analari va o‘zini ifoda etish shakllarini rivojlantirishga yordam beradi. YUNESKOning bu sohalardagi ustuvorliklarini amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Butunjahon turkiy tillar kuni turkiy tillarga oid tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlarning madaniy merosini ommalashtirish uchun imkoniyatlar yaratadi. Rejalashtirilgan tadbirlarga ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, adabiy kechalar va badiiy chiqishlar kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiy davlatlar o‘rtasida futbol turniri o‘tkazilishi mumkinligi haqida yozgan edik.