Gadjetlar

Apple 2026-yil boshida arzon MacBook modelini taqdim etadi

Model hozircha J700 nomi bilan ishlab chiqilmoqda
Macbook
Foto: WCCF Tech

Apple kompaniyasi 2026-yilning birinchi choragida yangi MacBook modelini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda WCCF Tech xabar bermoqda.

Model hozircha J700 nomi bilan ishlab chiqilmoqda va MacBook Air seriyasidan ham arzon bo‘lishi kutilmoqda.

Yangi MacBook’ning narxi $600–700 atrofida bo‘lishi mumkin. Chunki hozirgi MacBook Air bazaviy versiyasi $1000 turadi. Qurilma allaqachon ishlab chiqarishning dastlabki bosqichiga kirgan, ammo aniq taqdimot sanasi hali e’lon qilinmagan.

Model A18 Pro mobil protsessori bilan jihozlanadi. U M1 chipidan kuchliroq, biroq M4 darajasiga yetmaydi. Asosiy texnik xususiyatlarga 13,6 dyuymli ekran, USB-C 3.2 Gen2 portlari (Thunderbolt qo‘llanmaydi), alyuminiy korpus, 12 GB tezkor xotira va 256 GB doimiy xotira kiradi.

Klaviatura fon yoritishsiz bo‘ladi, biroq bu narx toifasidagi noutbuk uchun 12 GB operativ xotira mavjudligi ijobiy yangilik sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Apple M5 MacBook Pro haqida yozgan edi.