
Kentukki shtatida joylashgan Luisvill xalqaro aeroportida UPS kompaniyasiga tegishli yuk samolyoti uchish vaqtida qulab tushdi. Hodisa oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Shtat gubernatori Endi Beshirning so‘zlariga ko‘ra, samolyot bortida bo‘lgan uch nafar ekipaj a’zosi portlash natijasida vafot etgan bo‘lishi mumkin. Yana 11 kishi jarohatlangan, ularning ayrimlari og‘ir ahvolda. Ikki kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Samolyot Luisvilldan Gavayiga uchib ketayotgan edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bortda 144 ming litr yonilg‘i bo‘lgan va bu kuchli portlashga sabab bo‘lgan. Hodisa joyida yong‘in tezda kengayib, yaqin atrofdagi ikkita korxona, jumladan, neft mahsulotlarini qayta ishlovchi kompaniya zarar ko‘rgan.
Mahalliy hokimiyat xavfsizlik nuqtayi nazaridan aeroport atrofidagi besh millik hududda odamlarni joyida qolish rejimini joriy etdi, keyinchalik bu radius bir milgacha qisqartirildi. UPS kompaniyasi hodisani tasdiqlagan, biroq qurbonlar soni haqida izoh bermagan.
Rasmiylar halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov davom etayotganini ma’lum qildi. Luisvill yong‘in xizmati rahbari Brayen Onilning aytishicha, hodisa joyida to‘kilgan yonilg‘i miqdori juda katta bo‘lgani uchun yong‘inni o‘chirish jarayoni nihoyatda qiyin kechgan. Hodisa ortidan aeroportdagi barcha reyslar vaqtincha bekor qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gonkongda aviahalokat oqibatida ikki kishi vafot etgani haqida xabar bergan edi.