Bitkoin iyun oyidan beri ilk bor 100 ming dollardan pastga tushdi

Bitkoin 5-noyabr tongida bir necha yirik birjalar Coinbase, Gemini va Kraken’da $100 ming darajasidan pastga tushdi. Bu holat iyun oxiridan beri eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu haqda «Coindesk» xabar bermoqda.
Kriptovalyutaning qiymati oktabr oyida qayd etilgan rekord $126 ming darajasidan 20 foizdan ortiq pasaydi. Bitkoin narxi 10-oktabrdagidan ham pastga tushdi, o‘shanda u 24 soat ichida $120 mingdan $103 minggacha qulagandi.
So‘nggi haftalarda $110 mingdan yuqori har qanday o‘sish tezkor sotuvlar bilan almashmoqda. Mutaxassislarning fikricha, AQSh Federal zaxira tizimining foiz stavkalarini pasaytirish bo‘yicha ehtimollarni kamaytirgani sarmoyadorlar orasida xavotir uyg‘otgan.
Wincent kompaniyasi direktori Pol Xovard yoz faslidagi ETF va raqamli aktivlar fondlariga bo‘lgan talab susayganini aytdi.
«Agar bitkoin $100 ming darajasidan yuqorida ushlab turilsa, bozor keng ko‘lamli likvidatsiyalardan qochishi mumkin», — dedi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bitkoin rekordini yangilagani haqida xabar bergan edi.